“Elchi bo‘lmoqchiman” – namanganlik “ingliz” qiz

11 yoshli Nilufar Shuhratova ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgan. O‘zi tengqur yoshlarga uka va singillariga ham bu fanni volontyor sifatida o‘rgatadi. 100 dan ortiq badiiy kitoblarni ingliz tilida mutolaa qilgan. Harvard universiteti talabasi bo‘lish eng katta orzularidan biri. Kelajakda kasblar haqida o‘ylayotgan Nilufar o‘zini ba’zan diplomat, ba’zan esa tarjimon sifatida ko‘radi.

“Deyarli har kunim kutubxonada o‘tadi. Hozirda ingliz tilini katta qiziqish bilan o‘rganyapman. Ingliz tilini o‘rganishimda onamning hissalari ko‘proq bo‘lgan. Ota-onamning yaratib bergan sharoiti tufayli ham bu tilni maroq bilan o‘zlashtirib kelyapman.

Uyda ham ingliz tilida suhbatlashamiz. Meni ko‘rib singlimning ham til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi ancha o‘sdi. 5 oylik ukamni ovutish uchun ham unga ingliz tilida gapiraman.

Ingliz tili o‘rganishni asosan 3-sinfdan boshladim. Onamning topshiriqlarini bajarsam ular menga sovg‘a berardi. Ota-onam xohlagan kitobimni olib beradi. Bu holatlar esa til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim yanada ortishiga sabab bo‘lgan. 100 dan ortiq inglizcha kitoblar o‘qiganman. Ko‘proq sayohatga oid kitoblar o‘qishni yaxshi ko‘raman.

Yaqinda IELTS olmoqchiman, aprel oyida milliy sertifikat uchun imtihon topshirmoqchiman. Nasib qilsa yaxshi natijalarni o‘zimdan kutib qolaman.

Kelajakda Harvardda o‘qimoqchiman. Elchi bo‘lish esa eng katta orzularimdan biri.

Onam bola parvarishi bilan band bo‘lgani uchun ko‘chalarda o‘zim mustaqil yurishimga to‘g‘ri keladi. Ota-onam telefon o‘ynashimga qattiq qarshilik qilib keladi va biz bu holatga allaqachon ko‘nikdik”, — deydi Nilufar Shuhratova.