«Ustyurtda juda katta gaz zaxirasi topildi» – Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev mamlakat sanoati tarixida birinchi marta 6,5 ming metr yer qa’rini burg‘ilash orqali juda katta gaz zaxirasi topilganini ma’lum qildi. Shuningdek, prezident dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10–15 foizi mintaqaga to‘g‘ri kelishini qayd etdi.

Qoraqalpog‘istondagi Ustyurt platosida juda katta gaz zaxirasi topildi, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev 15 sentabrdagi muloqotda.

«Mamlakatimizda yerosti boyliklarining ulkan zaxirasi mavjud. Ilgari neft-gaz sohasidagi qidiruv ishlari faqat 2,5–3 ming metr chuqurlikda olib borilardi. Bu yil sanoatimiz tarixida birinchi marta Ustyurtda 6,5 ming metr yer qa’rini burg‘ulab, juda katta gaz zaxirasi topildi», – dedi davlat rahbari.

Prezidentning ta’kidlashicha, «to‘rtinchi sanoat inqilobi»ni amalga oshirish uchun dunyoda tellur, litiy, selen, grafit, molibden kabi texnologik minerallarga talab bir necha karra ko‘paymoqda. «Tahlillarga ko‘ra, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10−15 foizi mintaqamizga to‘g‘ri keladi», – deya qo‘shimcha qildi u.

«Ushbu ulkan resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak», – dedi prezident.