Prezident: Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli yaratildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirokidagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishida nutq so‘zlamoqda.

Izchil islohotlar tufayli 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 2024 yilda 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha uni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan.

Bunday natijaga erishishda o‘tgan davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, yil yakuni bilan jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Prezident ta’kidlaganidek, yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan o‘tkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni o‘rganib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli yaratildi.

Avvalo, o‘tish davrining muhim instrumenti bo‘lgan manzilli ijtimoiy daftarlar joriy etilib, barcha ehtiyojmand oilalar qamrab olindi.

Masalan, pandemiya davrida 800 ming oilaga bepul dori-darmon, 255 ming oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, yana 1 million 200 ming oilaga ijtimoiy nafaqalar berildi.

Natijada 5 million 200 ming nafar odam “kambag‘allik qopqoni”ga tushib qolishdan himoya qilindi va shu bilan birga, iqtisodiy retsessiyaning oldi olindi.