Ayrim “uddaburonlar” davlatning arzon resursi hisobiga paxta “spekulyatsiyasi” bilan shug‘ullanayotgani tanqid qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda mamlakat iqtisodiyotining 3 foizini, sanoatning 14 foizini yaratayotgan to‘qimachilik tarmog‘ini yanada qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
So‘nggi besh yilda tarmoqda 3,5 milliard dollarlik 396 ta yirik korxona ishga tushdi, ishlab chiqarish 10 milliard dollarga yetdi. Sohada 500 mingdan ortiq odam band. Bu sanoatda band jami aholining 20 foiziga teng.
Shu bilan birga, sohada ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlari sekinlashishi kuzatilmoqda, bu esa xalqaro vaziyatni inobatga olgan holda ishlab chiqarish, ish o‘rinlari va eksportni saqlab qolish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.
Jahonda paxta kotirovkalari 2022 yildan boshlab pasayib ketayotgani klasterlar uchun muammo keltirib chiqarmoqda. So‘nggi uch yilda narx tonnasiga 3 ming dollardan 1,5 ming dollarga tushdi.
Tadbirkorlar eski qarzini yangi hosil hisobidan bir-biriga ulab yopmoqda. Ushbu vaziyatdan chiqib ketish maqsadida 2022-2023 yillar uchun paxta xomashyosiga berilgan imtiyozli kredit 3 marta uzaytirildi, o‘tgan yilda paxta narxini tushirish uchun tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya berildi.
Davlat rahbari jahon bozorida narx keskin tushishi bugun boshlanmaganini, iqtisodiy kompleks ilmiy tashkilotlar bilan birga bu borada turli xil ssenariylar va yechimlarni tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda tolani qayta ishlash quvvati yetarli bo‘lmagan ayrim «uddaburonlar» davlatning arzon resursi hisobiga paxta «spekulyatsiyasi» bilan shug‘ullanayotgani tanqid qilindi.
To‘qimachilik korxonalarining tijorat kreditidan 2,2 milliard dollar qarzdorligi bor. Kreditlarning 90-95 foizi xorijiy valutada, atigi 16 foiz korxona xalqaro sertifikatga ega.
«Bunday sharoitda korxonalar tashqi bozorda qanday raqobat qiladi, kreditini qanday qaytaradi?» – deya savol qo‘ydi prezident.
Har bir viloyatda 10-15 tadan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi borligi bilan ularning brendlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy standartlarga o‘tkazish ishlari oqsayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlarida tolani qayta ishlash quvvatlari o‘zidagi xomashyoga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, hokimlar hududiy investitsiya dasturini ishlab chiqishda ip-kalava loyihalarini taklif etib kelayotganiga e’tiroz bildirildi.
Xorijdagi diplomatik vakolatxonalar to‘qimachilik mahsulotlari eksportiga yanada faol ko‘maklashishi muhimligi qayd etildi.
Prezident topshirig‘iga asosan to‘qimachilikda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlarning fikrlari o‘rganildi.
«Ularni qiynayotgan masalalar bilan to‘liq tanishdim. Hozir yechimlarini aytaman. Bugundan to‘qimachilikda “dolzarb yuz kunlik” e’lon qilamiz», – dedi davlat rahbari.
Avvalo, ahvoli yomonlashgan ayrim korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va tannarxni kamaytirish choralari belgilab olindi.
Joriy yilda klasterlarning kreditdan qarzdorligini garov qo‘yish sharti bilan 5 yilgacha uzaytirishga ruxsat berildi. Endilikda garov qo‘ygan klasterlar faqat asosiy qarzni to‘laydi.
Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi va banklarga hisoblanadigan foizlar esa asosiy qarz to‘liq qoplanganidan keyin undiriladi. Bu orqali klasterlarda yiliga 800 milliard so‘m aylanma mablag‘ qoladi. Agar klasterlar ham asosiy qarz, ham foizini o‘z vaqtida to‘lasa, foizning Jamg‘armaga ketadigan qismining yarmi tadbirkorga qaytariladi.
Klasterlarga 2022-2023 yillar hosili uchun berilgan kredit bo‘yicha 1 avgust holatiga yuzaga kelgan 377 milliard so‘mlik penyadan voz kechiladi.
Tijorat kreditidan 2,2 milliard dollar majburiyati bor bo‘lgan 144 ta korxonani sog‘lomlashtirish choralari ishlab chiqiladi. Faoliyatini barqarorlashtirish mumkin bo‘lgan korxonalarning kredit muddati 7 yilgacha uzaytirib beriladi.
Shuningdek, paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.
Endilikda to‘qimachilik zanjiridagi barcha korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi.
Bunda, ijtimoiy reyestr bo‘yicha talab bekor qilinadi, realizatsiyada to‘qimachilik ulushiga talab esa 90 foizdan 70 foizga tushiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tola, ip kalava va mato ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ham bu soliqni yengillashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.